Logo

Niderlandiyaning Lyosden shahrida Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo'lgan vatandoshlarimiz xotirasiga bag'ishlangan muzey ochildi

May 03, 2025. 13:22 • 3 daq

201
Niderlandiyaning Lyosden shahrida Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo'lgan vatandoshlarimiz xotirasiga bag'ishlangan muzey ochildi

LYOSDEN, 3-may. /"Dunyo" AA/. Niderlandiyaning Lyosden shahridagi "Sovet shon-sharaf maydoni" yaqinida Ikkinchi jahon urushi davrida vafot etgan sovet askarlari xotirasiga bag'ishlangan "Soviet War Cemetery Experience" muzeyining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu muzeyda davlatimiz rahbari tashabbusi va O'zbekiston hukumati moliyaviy ko'magida Ikkinchi jahon urushi davrida qurbon bo'lgan va "Sovet shon-sharaf maydoni"ga dafn etilgan 101 o'zbek askarlariga bag'ishlangan maxsus alohida xona tashkil etildi. Bundan tashqari, muzeyning asosiy kirish qismida o'zbek xalqining mard o'g'lonlari xotirasiga Sovet qabristonidan keltirilgan 101 eski qabr toshlari asosida ishlangan ramziy monumental san'at asari ham yaratildi.


Ochilish marosimida Niderlandiya tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari rasmiylari, Lyosden va Amersfort shaharlari hokimliklari, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog'iston va O'zbekiston diplomatik vakolatxonalari vakillari, "Sovet shon-sharaf maydoni"da dafn etilgan va shaxsi aniqlangan askarlarning yaqin qarindoshlari, volontyorlar hamda niderland jamoatchiligi ishtirok etdi.


Shuningdek, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan Ikkinchi jahon urushi davrida 101 askarlar qatorida asirga tushib, fashistlar qo'lida qurbon bo'lgan va "Sovet shon-sharaf maydoni"da dafn etilgan Raim Salomovning o'g'li va nabiralari ham qatnashdi.


Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Kristian Rebergen o'z ma'ruzasida sovet askarlarining fashizmga qarshi kurashda ko'rsatgan jasorati, niderland xalqining bugungi ozodligi uchun qo'shgan beqiyos hissasi hech qachon unutilmasligini ta'kidladi.


Tashqi ishlar vazirligi vakili muzeyni tashkil etishda ko'rsatgan ko'magi uchun "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi direktori Remko Reydingga va hamkor davlatlarga minnatdorlik bildirdi.


"Sizning ishingiz tariximizni saqlab qolish va kelajak avlodlarni o'tmishdan saboq olishni davom ettirishga ilhomlantirish uchun katta ahamiyatga ega", dedi Kristian Rebergen.


"Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi direktori va "Soviet War Cemetery Experience" muzeyi asoschisi Remko Reyding o'z nutqini buyuk o'zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning insonlarni dushmanlikdan tiyilib, bir-biriga do'st bo'lishga chorlovchi satrlaridan boshladi.


"Ushbu loyiha tufayli sovet askarlari jasorati va xotiralari haqidagi hikoyalar endi hech qachon unutilmaydi", dedi muzey asoschisi.


Remko Reyding ushbu muzeyni tashkil etilda yaqindan qo'llab-quvvatlagan hamkorlarga, jumladan O'zbekiston hukumatiga ajratilgan moliyaviy yordam uchun alohida minnatdorlik izhor qildi.


Ochilish marosimidan so'ng muzeyning kirish qismida tantanali lenta kesish marosimi bo'lib o'tdi. Shundan so'ng mehmonlar uchun muzey bo'ylab ekskursiya tashkil etildi. Muzeyda tashkil etilgan ko'rgazmalar, jumladan 101 o'zbek askarlariga bag'ishlangan xona, askarlar va ularning yaqinlari hayotiga urushning salbiy ta'siri aks etgan rasmlar va videolavhalar, virtual reallik texnologiyalari yig'ilganlarga katta taassurot qoldirdi.


Remko Reyding, "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi direktori va "Soviet War Cemetery Experience" muzeyi asoschisi:


– Niderlandiyada "Sovet shon-sharaf maydoni"da Ikkinchi jahon urushida qurbon bo'lgan ko'plab o'zbek askarlari dafn etilgan.


Bugun biz Lyosden shahrida Ikkinchi jahon urushida Yevropa, jumladan Niderlandiya ozodligi uchun jon bergan o'zbek askarlari haqida ma'lumot beruvchi muzeyni ochdik.


Ushbu muzeyni tashkil etishda bizni qo'llab-quvvatlaganlardan juda mamnunmiz. Ayniqsa, O'zbekiston hukumati tomonidan ushbu loyihani amalga oshirishda katta yordam ko'rsatilganidan minnatdormiz.


O'zbekiston hukumati ko'magida bugun Niderlandiyada dafn etilgan o'zbek askarlari xotirasiga bag'ishlangan ajoyib muzey qad rostladi.


Umid qilamanki, kelgusida ushbu muzey faoliyati bilan bevosita tanishish uchun O'zbekistondan ko'plab hamyurtlaringiz keladi.


 Elyor Salomov, Ikkinchi jahon urushida 101 askarlar qatorida vafot etgan va "Sovet shon-sharaf maydoni"da dafn etilgan Raim Salomovning nabirasi:


– Biz Niderlandiyaning Lyosden shahrida Ikkinchi jahon urushida qurbon bo'lgan sovet askarlari xotirasiga bag'ishlangan muzey ochilish marosimida ishtirok etish uchun Navoiy viloyatidan keldik.

Bobom Raim Salomov ham Ikkinchi jahon urushida 101 askarlar qatorida asirga tushib vafot etgan.


Ularning yonidan O'zbekistonda yashash manzili yozilgan xat topilgangi bobomning bu yerda dafn etilganligini bilish imkonini berdi.


Bobom mangu yotgan joyni aniqlashdi "Sovet shon-sharaf maydoni" jamg'armasi direktori Remko Reyding tomonidan olib borilgan tadqiqotlar katta yordam berdi.


O'zbekiston hukumatiga ushbu tarixiy muzeyni ochishga ko'rsatgan katta yordami va qo'llab-quvvatlovi uchun barcha oila a'zolarimiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish